Tarixiy obidalar

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri: 1997 yilda shahar o`zining 2500 yillik yubileyini nishonladi. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Bungacha shaharning boshqa bir necha nomlari bo`lgan.

Ko`plab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga ko`ra Buxoro so`zi sanskritcha “vixara” so`zidan kelib chiqqan bo`lib, “kal`a” degan ma`noni bildiradi.
Arxeologik qazishmalar natijasiga asosan olimlar ushbu shahar eramizgacha bo`lgan davrda hududning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o`ynagan degan xulosaga keldilar. Buxoro Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk Ipak yo`lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.

VIII asrda bu erda arab istilosi natijasida Islom dini joriy etilgan. Asta-sekin Buxoro eng muhim diniy markazga aylangan va tobora ko`proq “Buxoroi Sharif” deb atashgan.

Rivojlanish davrida shahar bir necha bor (forslar, arablar, mo`g`ullar tomonidan) vayron qilingan va tiklangan. Buxoroning o`ziga xos iqtisodiy va madaniy rivojlanishi Somoniylar va Shayboniylar boshqargan davrlarga to`g`ri keladi.

Hozirgi Buxoro (qariyb 300 ming aholi) O`zbekistonning boshqa shaharlari singari eski va yangi shaharga bo`lingan. Lekin bizning shahrimiz shak-shubhasiz ustunlikka ega: agar boshqa joylarda eski shahar qismida faqat tarixiy yodgorliklar bo`lib, hech bir aholi yashamagani uchun ochiq osmon ostidagi muzey sifatida qabul qilinsa, Buxoroda odamlar ming yillar ilgarigidek yashamoqdalar. Bu har bir kishiga shaharning boy tarixini tasavvur qilish imkonini beradi.

Shaharning yangi qismida ma`muriy binolar, maktablar, institutlar va sanoat korxonalari joylashgan. Siz 2500 yillik Buxoroning tor ko`chalarida kezishingiz va ko`k gumbazli hashamatli binolar hamda kichik loysuvoq uylardan zavq olishingiz mumkin.

X asrda qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasi Buxorodagi eng qadimiy va chiroyli yodgorliklardan biridir.U hozirgi paytda ham xuddi 1000 yil ilgarigidek chiroyli ko`rinishga ega. Somoniylar asli fors bo`lgan birinchi tojik hukmdorlaridir (eramizning 875-999 yillari). Ular poytaxti Buxoro bo`lgan buyu? davlatni barpo etishgan. O`sha davr qurilish, san`at turlari, matematika, geometriya, fizika singari aniq fanlarning yuksak darajada rivojlanishi bilan xarakterlanadi.