Moskva va Butun Rus Patriarxi Buxoroda

0
224

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegatsiyasi 2 oktabr kuni Buxoroga keldi.Buxoro xalqaro aeroportida ularni viloyat hokimi O‘.Barnoyev va jamoatchilik vakillari kutib oldi.

Rossiyalik din peshvolari viloyat markazidagi pravoslav cherkovining Arxistratig Mixail ibodatxonasiga tashrif buyurdi. Bu yerda Patriarx diniy marosim o‘tkazib, ibodatxonaga ikona sovg‘a qildi.

Ta’kidlash kerak, mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida diniy bag‘rikenglik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Bugungi kunda viloyatda 9 ta konfessiyasiga mansub yuzdan ziyod diniy tashkilotlar faoliyat yuritib kelmoqda. Yurtimizda diniy bag‘rikenglik, dinlararo hamjihatlik va hamkorlik mustahkamlanib borayotir. Bu esa mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikning muhim omiliga aylangan.

Yuksak martabali mehmon va hamrohlari Buxoro shahrining dunyoga mashhur me’moriy va tarixiy obidalari sirasiga kiruvchi Chashmai Ayub maqbarasi, Poyi Kalon majmuasi, undagi Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti va Kalon masjidi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular Ark qal’asida ham bo‘ldi.

—Men Buxoro haqida ko‘p o‘qiganman,—dedi Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill jurnalistlarga bergan intervyusida.—Islom taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan bu shahardan mashhur mutafakkirlar va ulamolar yetishib chiqqan. Kezi kelganda aytish kerakki, e’tiqod va axloqiy qadriyatlar ustuvor joyda iqtisodiy yuksalish va farovonlik bo‘ladi. Mamlakatingizda islom asosiy din hisoblanadi. Lekin sizlarda boshqa konfessiyalar, jumladan xristian va boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilarga ham o‘z amallarini ado etishlari uchun teng sharoitlar yaratilganligi e’tiborga loyiq. Men Buxoroning qadimiy obidalarini hayrat bilan tomosha qildim. Ular noyob. Ana shunday me’moriy obidalarni yaratgan xalqning bugungi avlodlari ma’naviyati yuqori bo‘lishi, umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlashi tabiiy.

Shu kuni Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi delegatsiya Buxoro xalqaro aeroportidan Moskvaga jo‘nab ketdi.

Erkin YoDGOROV, «Buxoronoma» muxbiri.

Baham ko'rish