Buxoroga tashrif

0
195

Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov boshchiligida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z. Mirzayev hamrohligida 17 oktabr kuni Buxoroda bo‘ldi.

Xorijlik mehmonlarni Buxoro xalqaro aeroportida viloyat hokimi O‘.Barnoyev kutib oldi.

Checheniston Respublikasi delegatsiyasining safari Kogon tumani hududida joylashgan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi ziyoratidan boshlandi. Ulug‘ pir qabri yonida Qur’on tilovat qilindi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, islom ma’naviyati taraqqiyotida munosib o‘rin tutgan buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirishga katta ahamiyat qaratildi. Jumladan, sobiq mustabid tuzum davrida xaroba holiga kelib qolgan Bahouddin Naqshband nomi bilan bog‘liq qutlug‘ maskan va undagi ulug‘ hazrat qabri obodonlashtirildi hamda ziyoratgohga aylantirildi. Mehmonlar majmua bilan tanishar ekanlar, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berishdi.

Joriy yilda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Checheniston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan ushbu oliy islom bilim yurtida bo‘ldi. Mehmonlar bu yerda ta’lim olayotgan tolibi ilmlar bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Buxoro shahriga yo‘l oldi. Mehmonlar qariyb 500 yillik tarixga ega Mir Arab madrasasiga tashrif buyurdi. Bu yerda 72 yildan buyon islom bilim yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu maskanda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo, Kavkazorti respublikalari va Rossiya musulmonlari vakillari ham ta’lim olishgan.

Ramzan Qodirovning mazkur o‘rta maxsus islom bilim yurtiga tashrifi bejiz emas. Bu yerda 1980-1982 yillarda uning otasi, keyinchalik Checheniston Respublikasini boshqargan Ahmad Qodirov tahsil olgan. Yuksak martabali mehmon otasi yashagan hujrada bo‘ldi. Hujra eshigi tepasiga unda Ahmad Qodirov istiqomat qilgani haqida yozuvning bitilgani hamda otasining ishlangan portreti sovg‘a etilgani mehmon uchun kutilmagan voqea edi. U Buxoro mo‘‘tabar shahar ekanligini ta’kidlab, marhum otasi Ahmad Qodirov xotirasiga ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Mehmonlar Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyati bilan tanishdi.

Shu kuni Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov va uning hamrohlari Buxoro xalqaro aeroportidan Vataniga jo‘nab ketdi.

Erkin YoDGOROV, «Buxoronoma» muxbiri.

Baham ko'rish