Buxoroda IX Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari — ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi

0
226

O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo ma’naviyati va fanini dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk hamyurtimiz, qomusiy ilmlar sohibi, «Kitob ush-shifo», «Kitob al-qonun fit-tib» singari asarlari qariyb 800 yil davomida nafaqat Sharq, balki G‘arb hakimlari uchun asosiy qo‘llanma bo‘lgan, butun dunyoda meditsina (Madadi Sino) fani asoschilaridan biri sifatida e’tirof etilgan, falsafa, mantiq, fizika, astronomiya, matematika, mineralogiya, musiqa, tarix singari 29 ta fanga doir risolalari, adabiy kashfiyotlarga boy ruboiylari, falsafiy qissalari bilan jahonga tanilgan ulug‘ mutafakkir Abu Ali ibn Sino ko‘p qirrali ilmiy merosini o‘rganish, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish, alloma tug‘ilib o‘sgan Buxoroi sharif, O‘zbekistonning jahon sahnida ilmiy-ma’naviy sohadagi mavqeini mustahkamlash, betimsol tabib yurtini ziyorat qilishga kelayotgan sayyohlar oqimini yanada kengaytirishda an’anaviy Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari — ilmiy-amaliy anjumanining roli benihoya katta.

Bu yil Ibn Sino jamoat fondi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, respublika Fanlar akademiyasi, viloyat hokimligi va Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan to‘qqizinchi marta tashkil etilgan mazkur anjuman «Ibn Sino ilmiy-madaniy merosining ahamiyati va uning fan taraqqiyotidagi o‘rni» mavzuiga bag‘ishlandi. Ushbu xalqaro anjumanga respublikamiz poytaxti va viloyatlari, shuningdek, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Isroil, Qozog‘iston, Hindiston, Yaponiya singari mamlakatlardan shifokor olimlar, boshqa fanlar namoyandalari, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari Buxoroga tashrif buyurishdi.

Ularning viloyatimizga safari allomaning kindik qoni to‘kilgan Afshona qishlog‘ini ziyorat qilishdan boshlandi. Qishloq ahli, jamoatchilik vakillari, milliy libosdagi qizlar mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida xushnudlik bilan kutib oldilar. Mehmonlar — dunyoning turli davlatlaridan kelgan taniqli olimlar Ibn Sino haykali poyiga gullar qo‘ydilar hamda alloma memorial muzeyi eksponatlarini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

IX Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari — ilmiy-amaliy anjumanining tantanali ochilish marosimi viloyat davlat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova, viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi O‘ktam Barnoyevlar buyuk yurtdoshimiz ilmiy merosini o‘rganish, uni jahonga keng targ‘ib etishda fidoyilik ko‘rsatayotgan mamlakatimiz va xorijiy olimlarga minnatdorchilik bildirdi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ajdodlarimiz ma’naviy merosini ko‘z-qorachig‘idek asrash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, diagnostika-davolash jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, bu sohada chet eldagi eng mohir shifokorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qayd qilib, ilmiy-amaliy anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar. Marosimda so‘z olgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Amrillo Inoyatov, YuNYeSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Dendev Barch, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Izabella Kelbem qomusiy olim Ibn Sinoning tibbiyot va boshqa fanlar taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, alloma nomidagi jamoat fondining olim ilmiy merosini jahonda keng targ‘ib etish borasidagi xizmatlarini alohida ta’kidladilar.

Baham ko'rish