Buxoroda «Buxoro hunarmandlari” festivali bo‘lib o‘tdi

0
63

Prezidentimizning 2017 yil 19 maydagi 2017-2019 yillarda Buxoro viloyati va Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan festivalda milliy hunarmandlikni tiklash, rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan festivalda 200 dan ziyod xalq ustasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

– Hunarmandlik avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarimizning o‘ziga xos ko‘rinishidir, – deydi G‘ijduvon kulolchilik maktabi yetakchilaridan biri, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi A.Narzullayev. – Bunday tadbirlar milliy hunarmandlik an’analarini rivojlantirish, soha vakillariga o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish uchun imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ustaxonamda o‘nlab yoshlarga usta-shogird an’anasi asosida kulolchilikdan saboq beraman. Ulardan biri Javohir Ne’matov bugungi festivalda o‘z asarlari bilan qatnashmoqda. Uning kelajakda o‘z mahsulotlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonaman.

Festival mehmonlari orasida ko‘plab chet ellik sayyohlarni ham ko‘rish mumkin.

Baham ko'rish